Xodimlar ofisda oʻzlarini qanday tutishlari kerak?

Xodimning hamkasblari va rahbariyat qarshisidagi obroʻ-eʼtibori uning foydasiga ishlashini bilsangiz kerak. Ana shu obroʻ-eʼtiborga sazovor boʻlish uchun esa ofisda oʻzingizni munosib tutishingiz lozim! Qanday qilib deysizmi? Buni hozir bilib olasiz.
Zimmangizga yuklatilgan ishni oʻz vaqtida bajaring.
Yakunlanmagan ishlaringiz boʻla turib, hamkasblar bilan gap sotish, qahva ichish yoki shunchaki dam olib oʻtirish obroʻyingizga putur yetkazadi. Avvalo, zimmangizga yuklatilgan barcha ishlarni taxt qilib qoʻying. Har bir rahbar qoʻl ostidagi xodim mehnatkash va masʼuliyatli boʻlishini istaydi.
Tashqi koʻrinishingizga eʼtibor bering.
Ishxonaga hech qachon sport libosida yoki koʻchaga sayrga chiqqan odamdek kiyinib kelmang. Ishbilarmon odamlar har doim tashqi koʻrinishlariga jiddiy eʼtibor berishadi. Ishga kiyib keladigan libosingiz klassik uslubga xos, tartibli va toza boʻlsin.
Ortiqcha savollar kerak emas!
Sizga taalluqli boʻlmagan ishlarga aralashish obroʻyingizga putur yetkazishi mumkin. Oʻz ishingiz bilan mashgʻul boʻling, ortiqcha gap-soʻzlarga eʼtibor qaratmang. Rahbaringizga ham, hamkasblaringizga ham ishdan boshqa mavzularda savollar bermang.
Telefondan koʻp foydalanmang.
Telefon qoʻngʻiroqlariga xonadan chiqib javob berganingiz maʼqul. Aks holda hamkasblaringizning eʼtiborini ishdan chalgʻitib qoʻyasiz. Telefondan faqat kerak boʻlganda, muhim qoʻngʻiroqlar uchungina foydalaning.
Hamkasblar bilan doʻstlashishga harakat qiling.
Hamkasblar bilan bir yoqadan bosh chiqarib ishlashning foydali tomonlari juda koʻp. Ular bilan til topishishga harakat qiling, hech qachon bitta hamkasbingizni ikkinchisiga yomonlamang. Hamkasblar bilan rahbariyatni gʻiybat qilish ham yaxshi ish emas.